Buyrak-tosh kasalligini kuzatish va davolash
To’g’ri tashxis qo’yish uchun patsiyent bilan puxta o’tkazilgan suhbatlashish va standart jismoniy tekshirishdan tashqari qo’shimcha vizual tashxislash usullari qo’llanishi kerak.
Tez yordam sharoitlarida o’tkaziladigan asosiy tekshirishlar keng qorin bo’shlig’i rentgenografiyasi (qorin bo’shlig’i a’zolari rentgenografiyasi) va siydik chiqarish tizimining ultratovushli tekshiruvidan iborat. Ichki urografiya yoki kompyuter tomografiyasi kabi yanada aniq usullar tashxisga aniqlik kiritadi va optimal davolash usulini tanlash imkonini beradi.
Yuqorida qayd etilganidek, keng qorin bo’shlig’i rentgenografiyasi suratda ko’rinadigan toshlarni (oksalat-kaltsiy, fosfat va sistin) aniqlash, shuningdek ularning o’lchamini va taxminiy joylashgan sohani belgilash imkonini beradi. Biroq, ba’zida toshlarni eslatuvchi soyalar aslida limfatik tugunlardagi venoz kaltsinatlari yoki kaltsifikatlari bo’lishi mumkin. Aniq tashxis ko’pincha tadqiqotni o’tkazayotgan shifokor tajribasiga bog’liq bo’ladi. Shu tufayli, rentgenografiyadan tashqari, har doim ultratovushli tadqiqotni bajarish kerak. U ham rentgen kontrastli, ham rentgen kontrastli bo’lmagan toshlarni aniqlashga (masalan, siydik kislotasidan), shuningdek ular joylashishini aniqlashga va gidronefroz – siydik oqimi buzilishi oqibatida buyrakda siydik turg’unligi mavjudligini aniqlashga yordam beradi.

Yanada aniq tashxislash muolajalari (kompyuter tomografiyasi, urografiya) uchun oldindan qonda kreatinin darajasini aniqlash, urografiya o’tkazilishida esa – shuningdek, patsiyentni tegishli ravishda tayyorlash kerak. Vizualizatsiya usullaridan tashqari, laborator tadqiqotlari, birinchi navbatda, siydik tahlili – ham umumiy, ham bakteriologik emlash juda muhim. Umumiy siydik tahlili ko’rsatkichlari bo’yicha buyrak-tosh kasalligi turini taxmin qilish mumkin. Bir necha ko’rsatkichlarga e’tibor qaratish kerak: agar siydik pH ko’rsatkichi ishqorli (7 dan yuqori) bo’lsa, fosfat litiazni taxmin qilish mumkin, agar kislotali (5,5 dan quyi) bo’lsa – siydik kislotasini taxmin qilish mumkin. Ba’zan siydik tadqiqotida xususiyatli kristallar mavjudligi aniqlanadi.
Ishqorli pH bilan birgalikda siydik emlashda aniqlangan muayyan bakteriyalar (masalan, Proteus, Klebsiella) mavjudligi fosfat tosh kasalligidan dalolat berishi mumkin. Siydik cho’kindisi tadqiqoti ham foydali bo’lishi mumkin, bunda konkrementlar mavjudligidan dalolat beradigan kristallar aniqlanishi mumkin. Jiddiy birga kechadigan kasalliklar bo’lmagan, o’rtacha darajali, vaqti-vaqti bilan paydo bo’ladigan og’riqlar bo’lgan va tana harorati oshmagan patsiyentlarda tashxislash tekshiruvini urologik kabinetda konsultatsiya doirasida ambulator sharoitida o’tkazish mumkin. 5 mm gacha o’lchamli toshlar tabiiy yo’l bilan chiqarilishi mumkin, biroq yanada yirikroq toshlar urologik aralashuvni talab qiladi, shu tufayli professional tibbiy nazorat kerak.
Buyrak sanchig’ida patsiyentga qo’shimcha ravishda dori preparatlari bilan davolash buyurilishi mumkin. Nosteroid yallig’lanishga qarshi preparatlar (NYaQP) eng samarali hisoblanadi. Ushbu preparatlar opioidlarga nisbatan kuchliroq og’riqsizlantiradigan samaraga egaligi isbotlangan. Bundan tashqari, spazmolitik preparatlar, zarur hollarda esa – isitmani tushiradigan va siydik haydaydigan preparatlar buyuriladi.
Mustaqil ravishda tosh chiqarilishi kutilayotgan patsiyentlar yallig’lanish reaktsiyasini kamaytirish va og’riqni simptomatik yengillashtirish uchun 3-10 kun davomida doimiy dori preparatlari bilan terapiya – og’riqsizlantiradigan preparatlar (diklofenak, kuniga 2 marta 1 kapsula), spazmolitik preparatlar (drotaverin, kuniga 3 marta 1 tabletka) qabul qilishlari kerak.
Qaytalanish yuqori xavfi tufayli qo’shimcha tashxislashni o’tkazish muhim (tosh mustaqil ravishda chiqarilgan holatda ham). Asosiy tashxislash tadqiqotlari quyidagilarni o’z ichiga oladi: buyraklar ultratovushli tadqiqoti, keng qorin bo’shlig’i rentgenografiyasi, umumiy siydik tahlili, qon zardobida kreatinin darajasini aniqlash. Navbatdagi bosqichda ichki vena urografiyasi yoki kompyuter tomografiyasi o’tkazilishi mumkin.
Buyrak-tosh kasalligi tasdiqlangan holatda, shuningdek toshlar borligi bilan bog’liq qaytalanuvchi simptomlarda yoki takroriy siydik chiqarish yo’llari infektsiyalarida jarrohlik usulida davolashni amalga oshirish kerak. Quyidagilar buyrak-tosh kasalligini davolashning asosiy urologik usullariga tegishli: ekstrakorporal zarbdor-to’lqinli litotripsiya, teri orqali nefrolitotripsiya va ureterorenoskopiya.
Muallif: tibbiyot fanlari doktori Mixal Pushinski, Pomorskiy tibbiyot universiteti Urologiya va urologik onkologiya kafedrasi.


